Qirg‘izistonliklar kelajakda eski mashinalarni elektromobillarga almashtirishi mumkin bo‘ladi
Kelajakda qirg‘izistonliklar eski avtomobillarni elektromobillarga almashtirishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov 7-iyun kuni Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad Al-Jasser bilan muzokaralar chog‘ida aytib o‘tdi.
Japarovning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston Xitoy bilan hamkorlikda elektromobil ishlab chiqarish bo‘yicha zavodni qurmoqda, u yiliga 80 mingtagacha mashina chiqarishi mumkin.
“Zavod ishga tushgan kundan boshlab biz butun respublika bo‘ylab havo sifatiga salbiy ta’sir o‘tkazayotgan eski mashinalarning barchasini yig‘ib olamiz. Va ularning o‘rniga fuqarolarga ularning narxidagi farqni hisobga olib 10—15 yilga elektromobillar beramiz. Bizda Qirg‘izistonni elektromobillarga o‘tkazish rejasi bor. Shu yil oxiridan yoki kelasi yil boshidan uni amalga oshirishga kirishamiz”, — dedi prezident.
Bu orada faollar Bishkekda trolleybuslarni saqlab qolishni yoqlab chiqmoqda. Ular ekologik trolleybuslarni elektrobuslar bilan almashtirish yaxshi fikr emasligini, elektrobuslar uchun akkumulyatorlar zararli moddalar chiqarishi va keskin iqlim o‘zgarishlari tufayli samaradorligini yo‘qotishini aytmoqda.
Sharhlar