Eron BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch majlisini chaqirishni talab qildi
Eronning BMTdagi doimiy vakili Amir Said Iravaniy Isroilning Livan hududiga hujumlar uyushtirayotgani va Livanning “Hizbulloh” harakati bosh kotibi Hasan Nasrullo o‘ldirilgani tufayli, BMT Xavfsizlik kengashi shoshilinch majlisini chaqirishni talab qildi, deb yozadi “Kommersant”. Shunday so‘rov bilan Iravaniy BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishga xat orqali murojaat qildi.
“Eron Islom Respublikasi Xavfsizlik kengashini Isroilning davom etayotgan tajovuzini to‘xtatish va mintaqada to‘liq ko‘lamli urush yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun shoshilinch va qat’iy choralar ko‘rishga qattiq turib da’vat etadi”, — deyiladi Eron doimiy vakili bayonotida.
Avvalroq Isroil armiyasi “Hizbulloh”ning Bayrutdagi bosh qarorgohiga 27-sentabr kuni kechqurun berilgan aviazarba oqibatida harakat bosh kotibi halok bo‘lganini ma’lum qilgandi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu guruh bosh kotibining o‘limi Isroil shimolidan evakuatsiya qilingan aholini uylariga qaytarish uchun zarur bo‘lganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Hasan Nasrulloni yo‘q qilish haqida uning shaxsan o‘zi buyruq bergan.
Sharhlar