Eron Trampga nisbatan suiqasd uyushtirishni rejalashtirgani ma’lum qilindi
AQSH hukumati so‘nggi bir necha hafta ichida Eron Donald Trampga suiqasd uyushtirish maqsadida til biriktirgani haqida razvedka ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan. Bu haqda CNN o‘z manbalariga tayanib xabar bermoqda.
Ammo 13-iyul kuni Trampga suiqasd uyushtirgan Tomas Mettyu Kruks va Eron o‘rtasidagi aloqaga ishora qiluvchi dalillar yo‘q, deya qayd etdi telekanal. Eronning BMTdagi missiyasi Tehronga nisbatan ayblovlarni rad etdi.
Razvedkadan olingan ma’lumotlar fonida AQSH maxfiy xizmati bir necha hafta avval Trampga nisbatan xavfsizlik choralarini kuchaytirgan. U ko‘cha mitinglarini o‘tkazish maqsadga muvofiq emasligi haqida ogohlantirilgan. Biroq, manbalarga ko‘ra, qaysidir paytga kelib, maxfiy xizmat Tramp bilan uchrashuvga kelgan mehmonlarni tekshirmay qo‘ygan.
CNN qayd etishicha, Eron rasmiy shaxslari 2020-yilda Islom inqilobi posbonlari korpusi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy amerikalik harbiylar tomonidan o‘ldirilgani uchun o‘ch olishga tayyorliklari haqida ko‘p marta aytgan. O‘sha paytda AQSH prezidenti Donald Tramp bo‘lgan. Yaqinda qo‘lga kiritilgan razvedka ma’lumotlari Trampga nisbatan xavf kuchayganini ko‘rsatmoqda.
Eronning BMTdagi missiyasi Trampga nisbatan fitna haqidagi ayblovlarni “asossiz va badniyat” deb atadi. Shuningdek, mamlakat “adolatni tiklashning qonuniy yo‘llari”ni qidirayotgani ta’kidlandi.
Sharhlar