Eron TIV: Barcha dalillar Ismoil Xoniyaning o‘limiga Isroilning aloqasi borligini ko‘rsatmoqda

Фото: ВВС

Eron Tashqi ishlar vazirligi Isroilni Xamas siyosiy byurosi rahbari Ismoi Xoniyani o‘ldirganlikda gumon qilayotganini bildirdi. Vazirlik vakili Nosir Kananiyning so‘zlariga ko‘ra, to‘plangan barcha dalillar “sionistik rejim”ga ishora qiladi. Shu bilan birga, u Islom Respublikasi keskinlikni izlamayotganini ham ta’kidladi.

Tashqi ishlar vazirligi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar ham qotillikka aloqador, chunki “uning vazifasi qurol yetkazib berishni to‘xtatish va qotilliklar va jinoyatlarning oldini olish uchun sionistik rejimga bosim o‘tkazishdir”.

“Isroildan boshqa hech kim bu qotillikdan naf ko‘rmadi va sionistik rejimning ba’zi rasmiylarining bayonotlari buni tasdiqlaydi”, deydi Nosir Kananiy IRIB telekanali tomonidan efirga uzatilgan matbuot anjumanida (TASS iqtibosi). Uning aytishicha, Isroil mintaqadagi beqarorlik sababchisi hisoblanadi.

“Eron Islom Respublikasi mintaqadagi keskinlikni kuchaytirmoqchi emas. Agar Eron tajovuzkorni jazolash huquqi haqida gapirsa, bu faqat xavfsizlikni mustahkamlashga yordam beradigan harakat bo‘ladi”, — dedi Nosir Kananiy Eronning Ismoil Xoniya o‘ldirilishiga qanday munosabat bildirishi haqidagi savolga javob berar ekan.

31-iyul kuni Tehronda Xamas siyosiy byurosining rahbari Ismoil Xoniya o‘ldirilgan. Ertasi kuni siyosatchi bilan vidolashuv marosimi Qatardagi eng katta masjidda bo‘lib o‘tdi. Shu bilan birga, Iroq, Yaman va Livan jangarilarini o‘z ichiga olgan eronparast “Qarshilik o‘qi” Isroilga “shahidning qoni uchun” mumkin bo‘lgan javob choralarini muhokama qilgan, deya xabar beradi Reuters.

Isroilning o‘zi qotillik uchun javobgarlik haqida gapirmadi, balki Erondan hujum kutib, barcha kuchlarini shay holatga keltirdi. Isroilliklar o‘zlarining ittifoqchilari, birinchi navbatda, AQSh va Buyuk Britaniya bilan ham taktikani muhokama qilishdi.

 

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.