Isroil Erondagi obyektga raketa zarbasi berdi
Eronning Isfaxon viloyatidagi Kaxjavariston shahrida portlash yuz berdi, deya xabar qildi Eronning Fars agentligi. ABC News ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil Erondagi obyektga raketa zarbasi bergan.
Hujum nishoni nima bo‘lgani hozircha noma’lum, jabrlanganlar haqida ham ma’lumot yo‘q. Reuters Isfaxon viloyatida havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi ishga tushganini tasdiqladi. Kaxjavariston yaqinida aeroport va Eron Harbiy-havo kuchlarining “Shakariy” 8-bazasi joylashgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Isfaxon, Sheroz va Tehron shaharlari osmonida parvozlar to‘xtatilgan. AFP qayd etishicha, Eron bir nechta shaharlarda havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini faollashtirgan.
14-aprelga o‘tar kechasi Eron yuzlab dronlar va raketalar yordamida Isroil hududiga hujum qildi, ular AQSh va Buyuk Britaniya ko‘magida urib tushirildi. Zarba 1 aprel kuni Isroil tomonidan Eronning Damashqdagi elchixonasiga qilingan hujumga javoban berildi. Shundan keyin Isroil armiyasi Bosh shtabi boshlig‘i Gersi Xalevi Isroil Eronga javob zarbasi berishini aytdi.
Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) Eron tomonidan 14-aprelga o‘tar kechasi qilingan hujumga qanday javob qaytarishi haqida qaror qabul qilib bo‘lgani, ammo bu javob beriladigan vaqt hozircha aniq emasligi ma’lum bo‘lgandi. Keyinroq esa Eron Isroilning barcha yadro obyektlari qayerda joylashgani haqida ma’lumotga ega ekani va ularga zarba berishga tayyorligini bildirdi.
Sharhlar