Eron qanday shart bilan Isroilga javob zarbasi berishdan voz kechishini ma’lum qildi
Agar BMT Xavfsizlik kengashi Isroilning Damashqdagi Eron elchixonasiga berilgan zarbasini qoralab chiqsa, Eron javob zarbasi berishdan voz kechishi mumkin. Bu haqda islom respublikasining tashkilotdagi missiyasi ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”.
“Agar BMT Xavfsizlik kengashi sionistik rejimning Damashqdagi diplomatik binolarimizga nisbatan berilgan tajovuzkor zarbasini qoralaganida va keyinchalik aybdorlarni javobgarlikka tortganida edi, Eron tomonidan bu soxta rejimni jazolash zaruratining oldini olish mumkin edi”, — deyiladi Eron diplomatik missiyasi bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, 1-aprel kuni Isroil aviatsiyasi Eronning Damashqdagi elchixonasiga zarba bergan, oqibatda Islom inqilobi posbonlari korpusining ikki nafar genarali va yana besh a’zosi halok bo‘lgan edi.
Eron Tashqi ishlar vazirligi Isroilning hujumini qoralab, uni xalqaro huquqlarning qo‘pol ravishda buzilishi deb atadi. Shuningdek, Eron javob reaksiyasi ko‘rsatish va “tajovuzkorni jazolash” borasida qaror qabul qilishini bildirdi.
10-aprel kuni Eron diniy yetakchisi oyatulloh Ali Xomeneiy Tehron diplomatik missiyaga hujumni “Eron hududiga berilgan zarba” deb baholayotganini va shu sababli, Isroil “jazolanishi shart”ligini ma’lum qildi.
Sharhlar