Eshitish qobiliyatida muammolar bo‘lgan insonlar qanday qiyinchiliklarga duch keladilar?
23-sentyabrdan 29-sentyabrgacha Xalqaro qulog‘i og‘irlar haftaligi bo‘lib o‘tdi. Turli mamlakatlarda eshitish qobiliyati buzilgan insonlar har kuni duch keladigan muammolar haqida xalqaro hamjamiyat xabardorligini oshirishga qaratilgan mavzug‘a oid tadbirlar o‘tkazildi.
JSTTning ma’lumotlariga ko‘ra, 2050-yilga kelib taxminan 2,5 milliard odam u yoki bu darajada eshitish qobiliyatini yo‘qotishdan aziyat chekadi, 700 million inson esa eshitish qobiliyati buzilganligi tufayli reabilitatsiyaga muhtoj bo‘ladi.
О‘zbekiston karlar jamiyati ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatida deyarli 60 mingta eshitish qobiliyati past insonlar mavjud.
О‘zbekistonda qulog‘i og‘irligi sababli nogironligi bor insonlarga katta ahamiyat beriladi. Eshitish va nutq qobiliyatida buzilishlar bo‘lgan insonlarning savodini oshirish, ularga ko‘rsatilayotgan ta’lim sifatini takomillashtirish uchun 2022-yil 20-oktyabrda davlatimiz rahbarining “О‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarori qabul qilingan. 2023-yil 1-yanvardan boshlab o‘rta ta’lim muassasalari va “Ishga marhamat” monomarkazlarida o‘zbek imo-ishora tili va Brayl alifbosini o‘rgatish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etilmoqda.
Ko‘rish, eshitish va nutq qobiliyati buzilgan insonlar, shuningdek, shu toifadagi voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki vasiylari uchun mashg‘ulotlar bepul asosda o‘tkaziladi. Shuningdek, hujjatda eshitish va nutq qobiliyati buzilgan abiturientlar oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlarini topshirishda majburiy tartibda surdo-tarjimon xizmatlari bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzurida eshitish va nutq qobiliyatida muammolar bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy kuzatish bo‘yicha dispetcherlik xizmati tunu-kun faoliyat yuritadi. U kar va eshitishi past darajada bo‘lgan shaxslarning murojaatlarini video-chaqiruv va matnli ko‘rinishda qabul qiladi.
Eshitish qobiliyati buzilgan insonlar orasida iste’dodli insonlar talaygina. Ular sport sohasida ham yuqori darajada mahorat ko‘rsatib, medallarga sazovor bo‘lmoqdalar. Bu yil Bishkekda (Qirg‘iziston) bo‘lib o‘tgan taekvondo bo‘yicha jahon chempionatida hamyurtimiz Shohruz Abdurahmonov va Dilbar Tojiboeva, Muhammad Usmonov birinchi o‘rinlarni egallashdi. Turkistonda (Qozog‘iston) bo‘lib o‘tgan dzyudo bo‘yicha chempionatda Shahbozjon Shoimov shohsupa cho‘qqisiga chiqdi. Eshitish qobiliyati buzilgan hamyurtimizdan shaxmatchilarimiz Serbiyadagi musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallashdi. Marsel Shoyusupov birinchi va Iltifot Abdulmajidova ikkinchi o‘rinni egalladi.
Yaratilgan qulay sharoitlar va imkoniyatlar bilan bir qatorda eshitish qobiliyati buzilgan shaxslar duch kelayotgan muammolar ham hanuz mavjud.
“Yuksalish” harakati shu toifadagi insonlar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi.
Unda О‘zbekistonda yashayotgan 18 yoshdan 65 yoshgacha bo‘lgan eshitish qobiliyati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslardan 102 kishi ishtirok etdi. Jumladan, respondentlarning yarmidan ko‘prog‘i, ya’ni 53,9% ishlayotgan fuqarolar bo‘lib, shu qatorida savollarga javob bergan talabalar (19,8%), pensionerlar (11,8%) va ishsizlar (14,7%)ni tashkil etdi.
Respondentlarning umumiy sonidan imo-ishora tilidan foydalanishdagi qiyinchiliklarga har doim duch kelganlar 34,3%, ko‘pincha – 21,6%, ba’zan 31,4%, kamdan-kam 6,9% va hech qachon duch kelmaganlar 5,9% ni tashkil etdi.
Bunda respondentlarning 55,9% muloqot uchun texnologiyalardan foydalanishini aytgan. Respondentlarning 26,5% o‘quv materiallari ochiqligini, 39,2% esa ularni olish qiyinligi, 34,3% umuman bu materiallarni ololmasligini ta’kidlagan.
Ixtisoslashgan maktablardagi o‘quvchilarning 52,9% sharoitlar o‘rtacha, 24,5% – yaxshi, 11,8% – a’lo, 10,8% esa yomon, deb baholagan.
Ishga joylashish jamiyatga integratsiyalashuvning yana bir muhim bosqichi hisoblanadi. Ishga joylashish shart-sharoitlari bo‘yicha 7,8% respondent a’lo, 18,6% – yaxshi, yarmidan ko‘pi – 51,5% esa ularda hamma imkoniyatlar ham berilmaganligini ta’kidlagan va 22,5% respondent ishga joylashishning imkoni yo‘qligini aytgan.
59,8% respondent tibbiy xizmatlar har doim ham ochiq emas, deb hisoblaydiki, bu sog‘liqni saqlash sohasidagi muammolarni o‘rganishga alohida yondashishni talab etadi. Ijtimoiy faollik uchun imkoniyatlarni 49% respondent yaxshi, 39,2% – cheklangan deb baholagan va 11,8% imkoniyat yo‘qligini aytgan.
So‘rovnoma eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslar turmushning turli sohalarida hanuz qiyinchiliklarga duch kelayotganini ko‘rsatadi. Asosiy muammolar aloqa, ta’lim, texnologiyalar, tibbiy xizmatlar ochiqligi va ishga joylashish imkoniyatlari bilan bog‘liq.
Respondentlarning javoblari asosida ishlab chiqilgan takliflar
Texnologiyalar ochiqligining ta’minlanishi eshitish qobiliyati buzilgan shaxslarning turmushiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, ularning muloqot qilishini osonlashtiradi, ma’lumotlarga yo‘l ochilishini yaxshilaydi va ta’lim olish hamda ishlash uchun yangi imkoniyatlar taqdim etadi. Tibbiy xizmatlar sohasida ham, ixtisoslashgan maktablarda ham eshitish qobiliyati buzilgan nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmatlar taqdim etishning ochiqligini chuqur o‘rganish zarur. Eshitish bo‘yicha muammosi bo‘lgan insonlarga moslashtirilgan darsliklar yaratish va imo-ishora tilida o‘qitish sifatini yaxshilashni davom ettirish, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish yoki ularni ishga oladigan ish beruvchilar uchun imtiyozlarni kengaytirish zarur. Eshitish qobiliyati buzilgan insonlar duch keladigan muammolar, shuningdek, ularni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari haqida jamiyatni xabardor qilish alohida ahamiyatga ega.
Bu yo‘nalishda ko‘riladigan chora-tadbirlar nafaqat eshitish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmushini yaxshilashga, balki ularning jamiyatga integratsiyalashuviga ko‘mak beradi.
Sharhlar