Chexiyada toshqinlar tufayli 21 ming kishi evakuatsiya qilindi
Chexiyada yuz bergan toshqinlar tufayli, 21 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilindi, deb xabar bermoqda “Kommersant” mamlakat ichki ishlar vaziri Vit Rakushanga tayanib. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 5 kishi halok bo‘lgan, yana 8 kishi bedarak yo‘qolgan.
“Armiya vertolyotlari hududga 59,4 tonna gumanitar yordam olib keldi. Jami 21 488 kishi evakuatsiya qilindi, 1516 kishi qutqarib olindi”, — dedi Rakushan inqiroz shtabi majlisidan keyin. Mamlakatda toshqindan zarar ko‘rgan infratuzilmani qayta tiklash ishlari davom etmoqda.
Davomli yomg‘irlar butun Chexiya hududi bo‘ylab 13-sentabrdan 18-sentabrga qadar yog‘ib o‘tdi. Yomon ob-havo tufayli 260 mingga yaqin uylar elektrsiz qoldi, avtomobil va temir yo‘llarga zarar yetdi. Chexiya prezidenti Petr Pavelning so‘zlariga ko‘ra, toshqindan jabr ko‘rgan hududlarni qayta tiklashga oylab yoki yillab vaqt ketadi. Kuchli shamol va jala Avstriya, Vengriya, Ruminiya va Slovakiyada ham kuzatildi.
Sharhlar