Olimlar Everest o‘sayotganini qayd etdi
Dunyodagi eng baland tog‘ cho‘qqisi hisoblangan Everest ko‘kka bo‘y cho‘zishda davom etmoqda. Yangi tadqiqotga ko‘ra, daryolar o‘zani eroziyasi tufayli mashhur tog‘ oldingi holatidan 15-50 metr o‘sgan. Ya’ni, suv daryo tubidagi tosh va tuproqni yemirib, tog‘ o‘sishiga yordam beradi.
75 km masofadagi Arun daryosi havzasida quruqlik chekinishi dunyodagi eng baland cho‘qqi yiliga 2 millimetrgacha ko‘tarilishini ta’minlagan, deydi londonlik olimlar.
– Bu jarayon kemadan yukning bir qismini tushirishga o‘xshaydi. Kema yengillashib, biroz balandroq suzgani kabi, qobig‘i yengillashgan tog‘ rivojlanadi, deydi tadqiqot hammuallifi Adam Smit.
Ma’lumki, 40-50 million yil avval Hindiston va Yevrosiyo past tekisliklari to‘qnashuvi natijasida yuzaga kelgan bosim Himolay tog‘ini hosil qilgan.
Arun Himolay bo‘ylab oqarkan, tog‘ning tubini o‘yib o‘tadi. Bu qobiq ostidagi keyingi qatlamni kamaytiradi. Natijada yupqalashgan qobiqning egiluvchanligi oshib, yuqoriga harakatlanishi osonlashadi.
Bu “izostatik rebound” deb ataladigan hodisa. “Nature Geoscience” jurnalida chop etilgan izlanish hisobotida qo‘shimcha qilinishicha, yuqoriga ko‘tariluvchi kuch Everest va yaqin atrofdagi boshqa qo‘shni cho‘qqilar, jumladan dunyodagi to‘rtinchi va beshinchi eng baland nuqta – Lxotse va Makalu yuqoriga ko‘tarilishiga olib keladi.
Asosan Xitoy va Nepal chegarasida, shimoliy qismi Xitoy tomonida joylashgan Everestning balandligi oxirgi hisobotda 8848,86 metrligi qayd qilingan. Himolayning pastki qatoridan o‘rin olgan cho‘qqining yoshi taxminan 50-60 million yilga teng.
– Everestning o‘zgaruvchan balandligi haqiqatan Yer yuzasining o‘suvchan tabiatini ta’kidlaydi, – deydi xitoylik geolog Syu Xan. – Arun daryosi eroziyasi va Yer mantiyasining yuqoriga ko‘tarilish bosimi o‘rtasidagi o‘zaro ta’sir toqqa kuch beradi va toshni o‘stiradi.
Sharhlar