Pentagon Rossiya orbitaga sun’iy yo‘ldoshga qarshi qurilma uchirganini ma’lum qildi
Pentagon matbuot kotibi Patrik Rayder Rossiya go‘yoki yerga yaqin orbitaga sun’iy yo‘ldoshga qarshi fazoviy qurilma uchirganini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu 16-maydayoq yuz bergan. Rayder qo‘shimcha qilishicha, shu orbitada Amerika hukumat sun’iy yo‘ldoshi ham joylashgan.
“Biz 16-may kuni Rossiya yerga yaqin past orbitaga sun’iy yo‘ldosh uchirganini kuzatib boryapmiz, u, bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, sun’iy yo‘ldoshga qarshi qurol bo‘lib, yerga yaqin past orbitada boshqa sun’iy yo‘ldoshlarga hujum qilishga qodir”, — dedi Pentagon matbuot kotibi brifing chog‘ida.
Patrik Rayder qo‘shimcha qilishicha, harbiy idora vaziyatni kuzatishda davom etmoqda. Amerika tomoni bu hodisani muhokama qilish uchun Rossiya bilan aloqaga kirishgan-kirishmaganidan Rayder xabardor emas.
Avvalroq BMT Xavfsizlik kengashi Rossiya tomonidan tayyorlangan koinotga qurol joylashtirmaslik bo‘yicha rezolyutsiya loyihasini bloklab qo‘ydi. Rezolyutsiya loyihasini yettita mamlakat, shu jumladan, Rossiya va Xitoy yoqlab chiqdi. Shveysariya betaraf qoldi. Rezolyutsiya qabul qilinishi uchun BMT XKning kamida 9 ta a’zosining ovozi kerak edi. Rossiyaning tashkilotdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya aytishicha, loyihaning rad etilishi AQShning koinotni harbiylashtirish niyatini isbotlaydi.
Aprelda Rossiya BMT XKda Yer orbitasiga yadro qurolini va boshqa turdagi ommaviy qirg‘in qurollarini joylashtirishni taqiqlovchi Amerika-Yaponiya rezolyutsiyasiga veto qo‘ygan edi.
Sharhlar