Qrimning Feodosiya shahrida Ukraina dronlari hujumidan keyin neft bazasi yonmoqda
Qrim yarim orolidagi Feodosiya shahrida neft bazasi yonmoqda. Bu haqda mahalliy hukumatlarga tayanib Rossiya agentliklari xabar bermoqda. Yong‘in sabablariga hukumat aniqlik kiritgani yo‘q, ammo ikkala tomon Telegram-kanallari ham Ukraina dronlarining Qrimga hujumlari haqida xabar bergandi.
Feodosiya neft bazasi shaharning sharqiy chekkasida joylashgan bo‘lib, u turli hajmdagi 32 ta rezervuarlarni o‘z ichiga oladi. Telegram-kanallar Feodosiyaga qo‘shni Beregovoye qishlog‘idan olingan videoni e’lon qildi, unda neft bazasidan chiqqan yong‘inni ko‘rish mumkin.
Tunda Rossiya va Ukraina Telegram-kanallari Qrimdagi turli nishonlarga dronlar hujumi haqida xabar bergan edi. Biroq ushbu xabarlar asosan Qrimning boshqa hududlari, shu jumladan, Yevpatoriya va Sevastopol tumanlariga tegishli edi.
Ba’zi manbalarga ko‘ra, Feodosiyada portlashlar mahalliy vaqt bilan 4:30 da yuz bergan.
Sharhlar