Filadelfiyada bir hafta ichidagi to‘rtinchi otishmada 8 nafar o‘smir yaralandi
AQSHning Pensilvaniya shtati Filadelfiya shahrida bekatda avtobus kutayotgan sakkiz nafar maktab o‘quvchisi otishma oqibatida jabrlandi, deb xabar bermoqda Associated Press mahalliy politsiyaga tayanib. Uch nafar noma’lum shaxs mashinadan tushib, o‘t ochgan, 30 martadan ko‘proq o‘q uzib, so‘ng qochib ketgan.
Jabrlanuvchilar 15—17 yosh oralig‘idagi o‘smirlar. Ulardan biri og‘ir ahvolda, to‘qqizta o‘qdan yaralangan. Qolganlar — olti yigit va bir qiz barqaror ahvolda. Taxminan o‘sha vaqtda yaqin oradagi ikkita avtobusga ham o‘q uzilgan, jabrlangan yo‘lovchilar yoki haydovchi haqida xabar berilmayapti.
OAVlar qayd etishicha, so‘nggi bir hafta ichida Filadelfiyada yana uch marta otishma kuzatilgan. 3-mart kuni avtobus ichidagi janjaldan so‘ng 27 yoshli erkak otib tashlangan edi. 4-mart kuni esa 17 yoshli o‘smir o‘q tegishi oqibatida halok bo‘lgan, yana to‘rt kishi jabrlangan edi. Ertasi kuni 37 yoshli erkak avtobusdagi otishmada halok bo‘ldi.
Sharhlar