Filipp Kirkorov, Ani Lorak va yana 30 dan ortiq kishi Ukrainaning davlat mukofotlaridan mahrum etildi

Фото: Serge Serebro

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z farmoni bilan 34 kishini – Ukrainaning sobiq amaldorlari va deputatlari, san’at arboblari, shuningdek, rossiyalik siyosiy, diniy va madaniyat arboblarini davlat mukofotlaridan muddatsiz mahrum qildi. Bu haqda 22-noyabr kuni Zelenskiyning matbuot xizmati xabar berdi.

Rossiyalik qo‘shiqchilar Filipp Kirkorov, Nikolay Baskov, Aleksandr Malinin, rossiyalik bastakor Igor Krutoy “Ukraina xalq artisti” unvonidan, qo‘shiqchilar Ani Lorak (haqiqiy ismi Karolina Kuуek) va Taisiya Povaliy esa Ukrainada xizmat ko‘rsatgan artist unvonlaridan mahrum bo‘lishdi.

Rus pravoslav cherkovi patriarxi Kirill 1-darajali knyaz Yaroslav Mudriy ordenidan mahrum etildi.

Shuningdek, Ukraina sanksiyalari ostida bo‘lgan yana sakkiz kishi davlat mukofotlaridan mahrum qilindi. Ularning orasida Oliy Radaning sobiq deputati Viktor Medvedchuk, Ukrainaning sobiq bosh vaziri Nikolay Azarov va Ukrainaning sobiq bosh prokurori Viktor Pshonka ham bor.

20 noyabr kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina milliy xavfsizligi asoslariga qarshi, tinchlik, insoniyat xavfsizligi va xalqaro huquq va tartibotga qarshi jinoyat sodir etgan, shuningdek, Ukraina sanksiyalari ostida bo‘lgan shaxslarni davlat mukofotlaridan mahrum qilishni nazarda tutuvchi qonunni imzoladi..

Hromadske nashrining qayd etishicha, Zelenskiyning 22-noyabrdagi farmonida ko‘rsatilgan 34 nafar kishi qabul qilingan qonun doirasida birinchi bo‘lib davlat mukofotlaridan mahrum etilgan.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.