Financial Times: BAAda uncha ma’lum bo‘lmagan kompaniyalar Rossiyaning “xufiya floti” uchun o‘nlab tankerlar sotib oldi

Фото: bcs-express (Иллюстративное)

So‘nggi bir yil ichida uncha ma’lum bo‘lmagan kompaniyalar go‘yoki Rossiyaning “xufiya floti” uchun suyultirilgan tabiiy gaz (STG) tashish uchun o‘nlab tankerlarni sotib oldi, deb yozadi Financial Times.

Nashrning kemasozlik sohasidagi manbalari ta’kidlashicha, tankerlarni ilgari noma’lum bo‘lgan kompaniyalar sotib olmoqda. Bu kompaniyalarning aksariyati BAAda, ya’ni Ukrainada urush boshlanganidan keyin Rossiya energiya resurslari savdosi markaziga aylangan mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan, deb yozadi FT.

Windward konsalting kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, BAA kompaniyalari 2023-yilning ikkinchi choragida STG tankerlarini sotib olishni boshlagan. O‘shandan beri 50 dan ortiq kema o‘z egalarini o‘zgartirgan. Shu bilan birga, ilgari bunday bitimlar juda kamdan-kam sodir bo‘lardi, deya qayd etadi nashr.

Dengizda yuk tashuvlarini kuzatuvchi Kpler tahliliy kompaniyasining ta’kidlashicha, yangi sotib olingan tankerlarning bir qismi hozirda Rossiya gazini tashish uchun foydalaniladigan yo‘nalishlarda ishlamoqda.

Yirik yuk tashish brokeri SSY ma’lumotlariga ko‘ra, talabning oshishi ishlab chiqarilganiga 15 yildan oshgan arzon va kam samarali bo‘lgan STG kemalarining narxini oshirdi.

“Bug‘ turbinali eski STG kemalari bozori atrof-muhitni muhofaza qilish qoidalarining qat’iylashgani hamda dvigatel texnologiyasining sezilarli yaxshilanishi tufayli qisqarib ketdi. Ammo hozir biz ushbu turdagi kemalar narxi oshganini ko‘ryapmiz. Ular xufiya flotda ishlatilishi mumkin”, – deydi Tobi Dunipeys, SSY  kompaniyasining STG bo‘yicha boshqaruvchi direktori.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.