Finlyandiya Rossiyaning harbiy samolyoti o‘z havo hududiga buzib kirganini ma’lum qildi

Фото: Википедия

Finlyandiya dushanba kuni rus harbiy samolyoti o‘z havo hududiga buzib kirgani haqida ma’lum qildi – bu mamlakat o‘tgan yili NATOga qo‘shilganidan buyon sodir bo‘lgan birinchi shunday holat bo‘ldi, deya xabar beradi Bloomberg.

Finlyandiya mudofaa vazirligi bayonotida aytilishicha, samolyot dushanba ertalab taxminan ikki daqiqa Finlyandiya havo hududida bo‘lgan. Hodisa Fin qo‘ltig‘ining sharqiy qismida yuz bergan, samolyot Finlyandiya hududiga 2,5 kilometr kirib borgan.

“Biz hudud buzilishi ehtimoliga jiddiy qaraymiz va darhol tekshiruv boshladik”, – dedi mudofaa vaziri Antti Xyakkyanen.

So‘nggi marta bunday hodisa 2022-yil avgust oyida sodir bo‘lgan, unda ikkita rus qiruvchi samolyoti Finlyandiya havo hududiga kirib borgan edi.

Finlyandiya Rossiya bilan 1300 kilometrdan ortiq chegaraga ega – bu masofa NATO sharqiy flangining taxminan yarmini tashkil etadi.

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.