Finlyandiya Ukrainaga o‘zi taqdim etgan qurollar bilan Rossiya hududidagi nishonlarga hujum qilishga ruxsat berdi
Ukraina qurolli kuchlari Rossiya hududidagi nishonlarga Finlyandiyadan olingan qurol bilan hujum qilishi mumkin. Bu haqda Finlyandiya tashqi ishalr vaziri Elina Valtonen Uusi Suomi nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi, deb yozadi DW.
Uning aniqlik kiritishicha, Ukraina mudofaa urushini olib bormoqda, shuning uchun ham o‘z-o‘zini himoya qilish maqsadida agressor mamlakat hududida joylashgan harbiy obyektlarga zarbalar berish huquqiga ega.
Xelsinki o‘zi taqdim etayotgan yordamdan foydalanish borasida qandaydir muayyan cheklovlar o‘rnatmagan, ammo Ukraina bu qurolni xalqaro huquqqa muvofiq qo‘llashini kutadi, deya qo‘shib qo‘ydi Valtonen.
Avvalroq Ukraina qurolli kuchlari Kanada taqdim etgan qurollardan Rossiya hududidagi harbiy nishonlarga zarba berish uchun foydalanishi mumkinligi, Ottava bu borada Kiyevga hech qanday shart qo‘ymagani haqida Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli aytib o‘tgan edi.
Sharhlar