Fitso muvaffaqiyatli operatsiya qilingani, hayotiga hech narsa xavf solmayotgani ma’lum qilindi
Suiqasd uyushtirilishi natijasida og‘ir jarohatlar olgan Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso muvaffaqiyatli operatsiya qilindi, bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Tomash Taraba ma’lum qildi. Operatsiya qariyb to‘rt soat davom etgan. Shundan keyin siyosatchi sun’iy koma holatiga tushirilgan. U 24 soat davomida shu holatda qoladi.
“Menga shu narsa ma’lumki, operatsiya, xayriyat, muvaffaqiyatli o‘tdi. Oxir-oqibat u omon qoladi, deb o‘ylayman. Ayni paytda uning hayotiga nisbatan xavf yo‘q”, — dedi Taraba. Uning so‘zlariga ko‘ra, Fitso og‘ir jarohatlar olgan. O‘qlardan biri oshqozon orqali o‘tgan.
Robert Fitsoga nisbatan suiqasd 15-may kuni hukumatning Gandlova shahridagi ko‘chma majlisidan keyin yuz berdi. Siyosatchi o‘qotar qurol bilan berilgan jarohatlar bilan vertolyotda Banska-Bistritsa shahar kasalxonasiga yetkazildi. Hujum qilgan shaxs — 71 yoshli Yuray Sintula suiqasdni siyosiy maqsadlarda amalga oshirganini tan oldi. Turli ma’lumotlarga ko‘ra, erkak bosh vazirga qarata besh martacha o‘q uzgan. Ayni paytda u qo‘lga olingan.
Sharhlar