Forbes Pavel Durovning avval noma’lum bo‘lgan uchta farzandining tug‘ilganlik to‘g‘risidagi hujjatlarini oldi
23-iyul kuni Shveysariyada yashovchi Irina Bolgar Forbes muharrirlari bilan bog‘lanib, milliarderlar reytingida Telegram asoschisining farzandlari sonini ikkidan beshtaga tuzatishni so‘radi (bu Durov o‘zining sperma donori bo‘lganini va 100 dan ortiq bolaning biologik otasi ekanini ochiq e’lon qilishidan oldin bo‘lgandi).
Bolgarning aytishicha, u Pavel Durov bilan 2012-yil yozida Sankt-Peterburgda tanishgan. 2013-yil dekabr oyida juftlikning birinchi farzandi, qizi Leya , 2016-yil yanvar oyida Daniel ismli o‘g‘li, 2017-yil sentyabr oyida esa Devid ismli o‘g‘li tug‘ilgan.
Bolgar 2018-yilgacha farzandlari bilan Sankt-Peterburgda yashagan, keyinroq Dubayga Durovning yoniga ketgan, biroq yashash uchun ruxsatnoma ololmagan, chunki nikohdan tashqari tug‘ilgan bolalarni BAAda o‘sha paytda qonuniylashtirish mumkin emasdi. 2019-yilda Irina va uning bolalari Latviyaga, 2020-yilda esa Shveysariyaga ko‘chib o‘tadi.
U yerda bolalarning tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalari va Durov tomonidan otalikni belgilash frantsuz tiliga tarjima qilingan. Bolgar bu hujjatlarning nusxalarini Forbesga yuborgan. Jurnalistlar ularning tarjimasi ustida ishlagan tarjimon Aleksandra Vulуe bilan bog‘lanib, ularning haqiqiyligini aniqladi.
So‘nggi paytgacha Durovning faqat ikki farzandi uning kursdoshi Dara Bondarenkodan 2009-yilda tug‘ilgan qizi Alina va o‘g‘li Mixail (2010) ma’lum edi. Durov Bolgarning bayonotiga izoh bermadi.
Forbes bilan suhbatda Bolgar Durovning sperma donoriga aylanganiga qarshi hech qanday da’vosi yo‘qligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu dastur bo‘yicha tug‘ilgan bolalar tadbirkorning merosxo‘ri bo‘la olmaydi.
Sharhlar