Fransiya shimoliy qirg‘oqlarida o‘nlab muhojirlarni olib ketayotgan qayiq ag‘darilib ketdi
Fransiya shimoliy qirg‘oqlarida o‘nlab muhojirlarni olib ketayotgan qayiqning ag‘darilib ketishi oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘ldi, deb yozadi Euronews.
Qutqaruv operatsiyasida ishtirok etgan Fransiya qirg‘oq shaharlaridan birining meri bir necha o‘nlab odamlar La-Mansh bo‘g‘ozini kesib o‘tishga uringani chog‘ida qayiq tubi “yorilib ketgan”ini aytdi. “Bu katta drama”, deb qo’shimcha qildi Le Portel meri Olivye Barbarin, u erda birinchi tibbiy yordam punkti tashkil etilgan.
Fransiya dengiz prefekturasining bildirishicha, kema Gris-Nez burni yaqinida qiyinchilikka uchragan va qutqaruvchilar 61 kishini suvdan olib chiqqan.
Shimoliy Fransiya qirg‘oqlaridagi dengiz harorati hozirda Selsiy bo‘yicha 20 daraja atrofida. Xalqaro Migratsiya Tashkilotiga ko’ra, bu yil Britaniya chegarasini kesib o’tishga uringan kamida 30 nafar boshpana izlovchi halok bo’lgan yoki bedarak yo’qolgan.
Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi maʼlumotlariga koʻra, soʻnggi yetti kun ichida kamida 2109 nafar muhojir kichik qayiqlarda La-Mansh boʻgʻozini kesib oʻtishga uringan.
Sharhlar