Fransiya Ukrainaga Rossiya hududiga SCALP raketalari bilan zarba berishga ruxsat berganini tasdiqladi
Ukrainaga Fransiyaning uzoq masofali raketalari bilan Rossiya hududiga zarbalar berishga ruxsat berildi, deydi Fransiya tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro “Bi-bi-si” bilan suhbatda. So‘z Frantsiya Ukrainaga bergan SCALP raketalari haqida bormoqda. Bu Britaniyaning Storm Shadow raketasining fransuzcha versiyasidir. Ular deyarli bir xil.
Barroning aytishicha, Ukraina ulardan “o‘zini himoya qilish mantig‘ida” foydalanishi mumkin. Biroq, u bu raketalar allaqachon Rossiya hududiga qilingan hujumlarda ishtirok etganmi yoki yo‘qligini aytmadi.
Avvalroq Fransiyaning Le Figaro nashri Fransiya Ukrainaga Rossiyaga SCALP raketalari bilan hujum qilishga ruxsat bergani, keyin esa bu ma’lumot o‘chirilgani haqida yozgan edi.
Payshanba kuni favqulodda murojaat chog‘ida Putin Rossiya hududida o‘z qurollarini qo‘llashga ruxsat bergan davlatlar nishonlariga zarba berishga haqli ekanini aytdi.
Bunday ruxsatni Frantsiyadan tashqari Ukrainaga ATACMS raketalari uchun AQSh va Storm Shadow raketalari uchun Buyuk Britaniya bergan.
19-noyabr kuni Ukraina qurolli kuchlari Bryansk oblastidagi omborga ATACMS raketalari bilan hujum qilishdi va ertasi kuni ular Rossiya qurolli kuchlarining ichkaridagi qo‘mondonlik punkti joylashgan Kursk oblastining Marino shahridagi tarixiy Baryatinskiy mulkiga Storm Shadow raketalari bilan zarba berishdi.
Sharhlar