FT: 2023-yilda Telegram 170 mln dollardan ortiq zarar ko‘rgan
2023-yilda Telegram kompaniyasining yo‘qotishlari 170 million dollardan oshdi, bu esa uning IPOga chiqish rejalarini shubha ostiga qo‘yadi.
Financial Times nashri messenjerning ko‘rib chiqilgan moliyaviy hisobotiga asoslanib yozishicha, 2023-yilda daromad 342 million dollarni, operatsion zarar 108 million dollarni tashkil qilgan, umumiy yo‘qotishlar esa 173 million dollarga yetgan.
Kompaniya asoschisi va yagona egasi Pavel Durov yo‘qotishlarni qoplash uchun 2,4 milliard dollar qarz mablag‘larini jalb qildi va shaxsan kompaniya obligatsiyalariga 64 million dollar sarmoya kiritdi.
Katta yo‘qotishlarga qaramay, ular messenjerning raqamli aktivlarini qayta baholash hisobiga qisman qoplandi, ularning qiymati 2023-yil oxirida 400 million dollarni tashkil etdi. 2024-yilda Telegram Toncoin tangasini sotishdan allaqachon 244 million dollardan ortiq daromad olgan.
Avvalroq Durov kompaniya qiymatini 30 milliard dollardan ortiq deb baholagan va kompaniya daromadli bo‘lishi va bozor qulay bo‘lishi bilanoq IPO o‘tkazishni rejalashtirgan edi. Biroq, Frantsiyada Durovga qo‘yilgan ayblovlardan so‘ng, bu rejalar xavf ostida qoldi.
Avvalroq Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov 2014-yilda Durov ketganidan keyin Rossiyaga tez-tez borib turishiga izoh bergandi. Peskov Kreml va Durov o‘rtasida muzokaralar bo‘lmaganini qayd etib, Durov Rossiya fuqarosi bo‘lgani uchun mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanishi mumkinligini ta’kidladi.
Sharhlar