FT: “Gazprom” sotuvlar hajmini yaqin 10 yil ichida tiklay olmaydi
Yaqin 10 yil ichida “Gazprom” Ukrainadagi urush va sanksiyalar tufayli yo‘qotilgan gaz sotuvlari hajmini tiklay olmaydi. Bu haqda kompaniya rahbariyatining buyrug‘i bilan 2023-yil oxirida tayyorlangan hisobotda aytiladi, deb yozadi Financial Times.
«“Gazprom” va energetika sanoati uchun sanksiyalarning asosiy oqibatlari eksport hajmining qisqarishi bo‘ldi, u 2035-yilgacha 2020-yildagi darajaga tiklanmaydi», — deyiladi hujjatda.
Hisobotga ko‘ra, Yevropaga gaz eksporti 2035 yilga borib yiliga o‘rtacha 50-75 milliard kub metrni tashkil qilishi kerak. Bu ko‘rsatkich urushdan oldingi savdolar darajasining uchdan bir qismiga zo‘rg‘a yetadi.
“Gazprom” Xitoyga yangi quvur liniyasi Yevropaga yo‘qotilgan eksport hajmini qoplashga yordam beradi, deb umid qilmoqda. Biroq, uning quvvati yiliga atigi 50 milliard kubometrni tashkil qiladi, shuningdek Xitoyda gaz narxi Yevropaga qaraganda ancha past.
2023-yil oxirida “Gazprom” so‘nggi 25 yildagi birinchi yo‘qotishini ko‘rsatdi. Kompaniya hisobotiga ko‘ra, yil davomida ko‘rilgan zarar 629 milliard rublni tashkil qilgan. Shu bilan birga, 2022-yilda “Gazprom” 1,23 trillion rubl foyda ko‘rganini ma’lum qilgan.
Sharhlar