Netanyaxu: Isroil G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu anklavda ushlab turilgan isroillik asirlar ozod etilishi uchun, G‘azo sektoridagi jangovar harakatlarni olti haftaga to‘xtatib turishga tayyorligini ma’lum qildi, deb yozadi Israel Hayom gazetasi.
“Isroil asirlarni qaytarib olish uchun jangovar harakatlarni 42 kunga to‘xtatib turishi mumkin. Lekin biz urushni to‘xtata olmaymiz. Eronliklar va barcha dushmanlarimiz biz taslim bo‘lishimizni ko‘rish istagida bizga qarab turibdi”, — dedi bosh vazir parlamentning tashqi ishalr va mudofaa bo‘yicha komissiyasi yopiq majlisida.
The Times of Israel nashri aniqlik kiritishicha, Netanyaxu AQSH prezidenti Jo Bayden tomonidan Yaqin Sharqdagi nizoni tartibga solish bo‘yicha taklif etilgan rejani izohlab, ushbu bayonot bilan chiqqan. Isroil bosh vaziri so‘zlariga ko‘ra, Amerika prezidentining rejasida “kamchiliklar” bo‘lgan.
“Oq uy tomonidan taqdim etilgan reja to‘liq emasdi. Urush asirlarni qaytarish uchun to‘xtatiladi, keyin esa muhokama o‘tkazamiz. AQSH prezidenti jamoatchilikka ochiqlamagan boshqa tafsilotlar ham bor”, — deya qo‘shib qo‘ydi bosh vazir.
Sharhlar