Tramp Zelenskiyga Rossiya Napoleon va Gitlerni mag‘lub qilganini eslatdi

Foto: Reuters

Respublikachilar partiyasidan AQSH prezidentligiga nomzod Donald Tramp Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon suhbati tafsilotlarini oshkor qildi, deb yozadi “Kommersant”. Tramp unga Rossiya bilan harbiy nizoni to‘xtatish zarurligini aytgan.

“Menga prezident Zelenskiy qo‘ng‘iroq qildi. Va biz yaxshi gaplashib oldik. Men bu urushga nuqta qo‘yish kerak dedim. Qarshingizda harbiy mashina turibdi… Ular Gitlerni mag‘lub qilgan. Napoleonni yutib chiqqan”, — dedi AQSH sobiq prezidenti Fox News’ga bergan intervyusida.

Uning fikricha, Amerikaning amaldagi prezidenti Jo Bayden nizo boshlanishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak edi. “Buning yuz berish ehtimoli nolga teng edi, va mening prezident lavozimidagi to‘rt yilim davomida bu sodir bo‘lmagandi”, — deb qo‘shib qo‘ydi Tramp.

Zelenskiy va Trampning suhbati 19-iyul kuni bo‘lib o‘tgandi. Bu ularning Tramp 2021-yilda prezident lavozimini tark etganidan buyon birinchi suhbati bo‘lgandi. Ukraina yetakchisi ular shaxsiy uchrashuv chog‘ida “aynan qanday chora-tadbirlar halol va haqiqatda davomli tinchlikka olib kelishi mumkinligini”ni muhokama qilishga kelishib olganini aytgandi.

AQSHda prezident saylovi 5-noyabr kuni bo‘lib o‘tadi. Tramp Ukrainadagi nizoni 24 soat ichida to‘xtata olishi haqida ko‘p marta aytib o‘tgan.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.