Erdo‘g‘on Netanyaxuni “zamonamiz Gitleri” deb atadi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on yana Isroilning G‘azo sektoridagi xatti-harakatlarini tanqid qildi va Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni Adolf Gitlerga qiyosladi, deb yozadi “Kommersant”. Turkiya prezidenti Isroil hukumati falastinliklar “misli ko‘rilmagan darajada ommaviy qirg‘in qilingani” uchun jazo olishini aytdi.
“Biz haqiqatni fosh qilishda va Isroil tomonidan amalga oshirilgan qotilliklar haqida gapirishda davom etamiz. Hamma tushunib yetsinki, Netanyaxu — zamonamiz Gitleri va uning hamtovoqlari javobgarlikdan qochib qutula olmaydi. Haqiqat ertami, kechmi, agar sudda bo‘lmasa, tarix qarshisida tantana qiladi”, — dedi Erdo‘g‘on jurnalistlarga.
Rajab Toyyib Erdo‘g‘on, shuningdek, Isroilni OAV vakillariga hujumda aybladi. Turkiya prezidenti da’vo qilishicha, shu tariqa Isroil hukumati G‘azo sektoridagi “ommaviy qirg‘inlar” izini yo‘qotmoqchi. “Ular nima qilishidan qat’i nazar, biz Isroil tomonidan sodir etilgan jinoyatlar haqidagi barcha hujjatlarni Xalqaro sudga berdik va bu ishni qilishda davom etamiz”, — deya qo‘shib qo‘ydi Erdo‘g‘on.
Noyabrda Erdo‘g‘on Turkiya ikki mingdan ortiq advokatlar bilan G‘azo sektoridagi genotsid to‘g‘risidagi da’vo bilan murojaat qilishini aytgandi. Turkiya Adliya vazirligi Binyamin Netanyaxu falastinliklar genotsidi ayblovi bo‘yicha Xalqaro jinoyat sudida javob berishini talab qilgandi. 2023-yil dekabrida Erdo‘g‘on matbuot anjumanida Netanyaxuning xatti-harakatlarini Adolf Gitlerniki bilan qiyoslagandi. O‘shanda u ular o‘rtasidagi farq Isroilning G‘arb mamlakatlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganida ekanini aytgandi.
Sharhlar