Venesuela hukumati prezidentlikka sobiq nomzod Gonsales Ispaniyaga qochganini ma’lum qildi
Venesuela prezidentligiga sobiq nomzod Edmundo Gonsales Urrutia mamlakatni tark etdi va Ispaniyada boshpanaga ega bo‘ldi. Bu haqda Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Karakas “mamlakatdagi xotirjamlik va siyosiy tinchlik uchun” muxolifatchining mamlakatdan chiqib ketishiga rozi bo‘lgan.
“Bir necha kun mobaynida Ispaniya Qirolligining Karakasdagi elchixonasida ko‘ngilli qochqin sifatida bo‘lib turgan fuqaro Edmundo Gonsales Urrutia mamlakatni tark etib, ushbu mamlakat hukumatidan siyosiy boshpana so‘radi”, — deb yozdi Rodriges Telegram’da.
Vitse-prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat hukumatlari ushbu masala bo‘yicha muloqot qilgan. Venesuela hukumati Gonsales mamlakatni tark etishi uchun uni “zarur qo‘riqlov guvohligi” bilan ta’minlagan.
Gonsales, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, prezident saylovida 44 foiz ovoz to‘plagan, amaldagi davlat rahbari Nikolas Maduro esa 51,2 foiz ovoz yig‘gan. Muxolifat rasmiy natijalarga qarshi chiqdi. Mamlakatda ommaviy noroziliklar bo‘lib o‘tdi. Venesuela sudi Gonsalesni hibsga olish uchun order berdi.
Sharhlar