Google o‘zining SI ma’lumotlariga ishlov berish markazlarini yadro reaktorlari yordamida energiya bilan ta’minlashni rejalashtirmoqda

Фото: iphones.ru

Google kompaniyasi o‘zining energiyaga chanqoq ma’lumotlar markazlarini kam uglerodli elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun Kairos Power startapiga olti-уettita kichik modulli yadro reaktorlarini (SMR) buyurtma qildi. Bu haqda Financial Times xabar beradi.

Google va Kairos’ning ta’kidlashicha, texnologik kompaniya umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan SMR-larga buyurtmani joylashtirdi, bu esa Kairos’ga 2030-yilgacha birinchi tijorat reaktorini va 2035-yilgacha qo‘shimcha reaktorlarni ishga tushirish imkonini beradi.

Kompaniyaning energetika va iqlim bo‘yicha katta direktori Maykl Terrellning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Google kompaniyasining “toza energiya sari 15 yillik yo‘ldagi muhim bosqichini” belgilab beradi. Reaktorlar elektr tarmog‘idan quvvatlanadimi yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma’lumotlar markazlariga ulanadimi, degan savolga Terrell Google barcha variantlarni ko‘rib chiqayotganini aytdi.

Ikkala kompaniya ham kelishuv narxi yoki Google SMR reaktorlari qurilishini oldindan moliyalashtirishi yoki ular qurilganidan keyin elektr energiyasi uchun to‘lashi haqida izoh berishdan bosh tortdi. Google-Kairos kelishuvi texnologik kompaniya atom elektr stantsiyasini ishga tushirishga yordam berayotgan birinchi kelishuvdir. Oxirgi 20 yil ichida AQShda faqat uchta reaktor ishga tushirilgan.

Katta miqyosdagi atom stantsiyalari bilan solishtirganda, SMR reaktorlari “soddalashtirilgan, boshidanoq xavfsiz konstruksiyaga ega, tez quriladi va yer maydoniga moslashadi”, deydi Terrell.

Kaliforniyaning Alamede shahrida joylashgan Kairos kompaniyasi suv bilan emas, balki eritilgan ftorid tuzi bilan sovutiladigan reaktorni yaratdi. Dekabr oyida kompaniya AQSh yadroviy tartibga solish komissiyasidan Tennessi shtatida Hermes nomli 50 megavattlik namoyish reaktorini qurishga ruxsat oldi. Bu so‘nggi yarim asrda Qo‘shma Shtatlarda yangi turdagi reaktor qurish uchun birinchi ruxsatnoma bo‘ldi. AQSh Energetika vazirligi Advanced Reactor Demonstration dasturi doirasida Hermes loyihasiga taxminan 300 million dollar sarmoya kiritmoqda. Kompaniya Hermes qurilishini iyul oyida boshlagan va uni 2027-yilgacha ishga tushirishni rejalashtirgan. Sentyabr oyida kompaniya Nyu-Meksikodagi Albukerke shahrida tuz zavodi va ikkita yoqilg‘i laboratoriyasi qurishini bildirgan.

 

 

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.