Tojikistonda go‘sht narxi ko‘tarilib ketdi
Tojikistonda go‘sht narxi oshib ketdi, hukumat esa bunga sabab sifatida aholi orasida qo‘y va mol go‘shtiga talab ortganini keltirdi, deb yozadi Sputnik.
“Hozir biz aholining 99,9 foizini go‘sht bilan ta’minlayapmiz, ammo uning narxi pasaymayotgani sababi shundaki, bozor talabi oshib bormoqda va ozuqa yem chet eldan import qilinmoqda”, — dedi Tojikiston qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Nigina Anvari. U ayni paytda respublika go‘shtni eksport ham, import ham qilmayotganini ta’kidladi.
Vazirlik chorva mollari sonini oshirish hamda tovuq va baliq narxlarini tartibga solish zarurligini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, mahalliy OAVlar Tojikistonda go‘sht narxi oshgani haqida yozmoqda. Dushanbening ba’zi bozorlarida mol go‘shti 80-82 somoniy (95-97 ming so‘m)ni, qo‘y va echki go‘shti esa 85 somoniy (101 ming so‘m)ni tashkil qilmoqda.
Avvallari esa mol go‘shti 71 somoniy (84 ming so‘m), qo‘y go‘shti esa 75 (89 ming so‘m) somoniy narxda sotilib kelgan.
Sharhlar