Gruziya MSKning muxolifotdagi a’zolari qayta saylovlar o‘tkazishni talab qilmoqda

Фото: Важные истории

Gruziya Markaziy saylov komissiyasi (MSK)ning muxolifotdagi a’zolari zudlik bilan MSK yig‘ilishini va qayta saylovlarni o‘tkazishni talab qilmoqda, chunki ularga ko‘ra, 26-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida ovoz berish siri buzilgan.

“Saylov kunidan buyon 10 kun o‘tdi va shu 10 kun davomida siyosiy partiyalar, nodavlat tashkilotlar, eng muhimi, Gruziya saylovchilari Konstitutsiyaning asosiy tamoyili – ovoz berishning maxfiyligi buzilganiga qarshi norozilik bildirdi. Markaziy saylov komissiyasining muxolifat a’zolari rais Giorgiy Kalandarishvilidan zudlik bilan komissiya yig‘ilishini chaqirishni talab qilmoqda, unda saylovlar haqiqiy emas deb topiladi. Biz qayta saylovlar o‘tkazilishini talab qilamiz”, — dedi “Birlik – Milliy Harakat” koalitsiyasining Markaziy saylov komissiyasidagi vakili David Kirtadze.

Markaziy saylov komissiyasining yana bir muxolifat a’zosi Giorgiy Sioridzening so‘zlariga ko‘ra, saylovda ovoz berish siri buzilganini Gruziya janubidagi Tetri-Skaro shahri sudi ham tasdiqlagan va 30 ta saylov uchastkasida ovoz berish natijalarini bekor qilgan.

“Bu saylovlarni haqiqiy emas deb topish va qayta saylovlar tayinlash uchun qonuniy asos borligini anglatadi”, – deydi Sioridze.

4 noyabr kuni sudya Vladimir Xuchua Tetri-Skaro va Salka munitsipalitetlaridagi 30 ta saylov uchastkasida ovoz berish maxfiyligi buzilgan deb topib, ovoz berish natijalarini bekor qilgandi. Sudga ariza bergan Gruziya yosh huquqshunoslar uyushmasi sudyaning qarori yangi pretsedent yaratdi, deb hisoblaydi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.