Tbilisida “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunga qarshi nomoyishchilar politsiya bilan to‘qnashdi (video)
17-aprel kuni kechqurun Tbilisining minglab aholisi yana Gruziya parlamenti binosi yonida norozilik namoyishlariga chiqib, “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonun loyihasini qaytarib olishni talab qildi, deb yozadi Meduza.
17-aprel kuni kunduzi parlament “Chet el ta’sirining shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi. Ovoz berishda faqat parlamentdagi ko‘pchilik vakillari qatnashdi. Hujjatni yoqlab 83 deputat ovoz berdi. Gruziya muxolifati da’vo qilishicha, qonun loyihasi Rossiyaning “xorijiy agentlar” to‘g‘risidagi qonunchiligini takrorlaydi.
Kechki payt parlament yaqinida yig‘ilgan namoyishchilar hukumatdan bir soat ichida qonun loyihasini qaytarib olishni talab qildi. Bunday bo‘lmaganidan keyin miting ishtirokchilari Davlat kanselyariyasi binosiga qarab tinch yurish uyushtirdi, u yerda esa Gruziya bosh vaziri Irakli Kobaxidze bilan uchrashmoqchi bo‘ldi.
Hukumat binosi o‘z vaqtida politsiya tomonidan qurshab olingan. Namoyishchilar binoga kirishga uringan, ular va politsiyachilar o‘rtasida bir necha marta to‘qnashuvlar yuz bergan.
Gruziya IIV xabariga ko‘ra, miting chog‘ida bir necha namoyishchi “tinch shaklda norozilik bildirish talabiga bo‘ysunmagan va zo‘ravonlik ishlatgan”.
Oqibatda ikki kishi qo‘lga olingan. Ulardan birining sovuq quroli musodara qilingan.
Sharhlar