Gruziya prezidenti: YeI va AQSh hukumatning dushmanona siyosatiga yordamni muzlatish va mashg‘ulotlarni bekor qilish bilan javob berdi
Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili AQSh va Yevropa Ittifoqining harbiy mashg‘ulotlarni to‘xtatish va moliyaviy yordamni muzlatish haqidagi qarorlariga izoh berdi. Uning ta’kidlashicha, “Munosib hamkor” mashg‘ulotlarining bekor qilinishi va Gruziya mudofaa kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilgan 30 million yevroning muzlatilishi Gruziya hukumatining Yevropa va G‘arbga qarshi ritorikasiga javobdir.
Zurabishvilining so‘zlariga ko‘ra, shuningdek bu rasmiylarning G‘arbdagi hamkorlarning xorijiy agentlar to‘g‘risidagi “Rossiya qonuni” qabul qilinishiga qarshi ogohlantirishlariga e’tibor bermasligiga munosabat hamdir. Prezident bu chora-tadbirlar jamiyat uchun ogohlantirish hamda yevropacha kelajak va yakkalanib qolish orasida tanlov qilishga chaqiriq ekanligini ta’kidladi.
YeI Yevropa Tinchlik Jamg‘armasining 30 million yevrolik yordamini muzlatib qo‘ydi, dedi Yevropa Ittifoqining Gruziyadagi elchisi Pavel Gerchinskiy, agar vaziyat yomonlashsa, boshqa choralar ko‘rilishini qo‘shimcha qildi. Gerchinskiy, shuningdek, Gruziyaning YeIga kirish jarayoni to‘xtatilganini ta’kidladi.
Pentagon Tbilisi bilan ikki tomonlama hamkorlikni ko‘rib chiqish doirasida “Munosib hamkor” mashg‘ulotlarini noma’lum muddatga qoldirganini e’lon qildi. Eslatib o‘tamiz, Gruziya o‘tgan yil dekabr oyida YeIga a’zo bo‘lish uchun nomzod maqomini olgandi, shu yil may oyida esa parlament G‘arbning ogohlantirishlari va Gruziyadagi noroziliklarga qaramay, prezident vetosini yengib o‘tib, xorijiy agentlar to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi.
Sharhlar