Durov Fransiya maxsus xizmatlariga Telegram ma’lumotlarini uzatishni boshladi
Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov Fransiya huquq-tartibot organlari bilan aloqani yo‘lga qo‘ydi va ularga Telegram foydalanuvchilari shaxsini aniqlashda yordam beruvchi ma’lumotlarni uzatishni boshladi. Bu haqda Fransiyaning Libération gazetasi xabar bermoqda. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, Durov yaqinda kuch tuzilmalari so‘rovlarini e’tiborsiz qoldirayotgan bo‘lsa, endi ular bilan “misli ko‘rilmagan hamkorlik”ni yo‘lga qo‘yib, so‘rovlarga javob bermoqda.
“Eshik haqiqatan ham ochilmoqda”, — deya Parij prokuraturasi kiberjinoyatchilik bo‘limi rahbari Joanna Bruss hamkorlik boshlanganini tasdiqladi. Shu munosabat bilan Fransiya huquq-tartibot organlariga Telegram’dan ma’lumot olish imkonsizligi tufayli to‘xtab qolgan surishtiruvlarni qaytadan boshlash tavsiya etildi.
Pavel Durov 24-avgust kuni kechqurun Parij aeroportida qo‘lga olingan edi. Hibsga olish uchun order, rasmiylarga ko‘ra, tadbirkor Telegram’dan foydalanish bilan bog‘liq jinoyatlarni tergov qilishda hamkorlik qilishdan bosh tortgani bilan bog‘liq. 28-avgust kuni Parij sudi Durovni Fransiyadan chiqib ketish taqiqlangan holda 5 million yevro garov evaziga ozod qilgan edi.
Sharhlar