Xitoy Tojikistonda maxfiy harbiy baza qurayotgani ma’lum qilindi
Xitoy qariyb o‘n yildan buyon Tojikistonning borish qiyin bo‘lgan tog‘li hududida maxfiy harbiy baza qurmoqda. Bu haqda The Telegraph o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
4000 metr balandlikda joylashgan obyektda kuzatuv minoralari bo‘lib, u Xitoy va Tojikiston harbiy kontingentini joylashtirish uchun mo‘ljallangan deb taxmin qilinmoqda.
Ushbu baza qurilishi ekspertlar tomonidan Xitoyning o‘z chegaralari bo‘ylab harbiy ishtirokini mustahkamlashga qaratilgan keng ko‘lamli strategiyasining bir qismi sifatida ko‘rilmoqda. Shunga o‘xshash harakatlarni Pekin Hindiston bilan chegaradagi Himolay tog‘larida ham amalga oshirmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, yangi baza “Tolibon” harakati nazorati ostida bo‘lgan Afg‘onistondan xavfsizlikka bo‘layotgan tahdidlarga reaksiya hisoblanadi. Tojikiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara qariyb 1300 kilometrga cho‘zilgan.
Keyinroq Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Lin Szyan ushbu ma’lumotlarni rad etdi. “Siz tilga olgan vaziyatdan bexabarman, ammo shuni ishonch bilan ayta olamanki, Xitoy doimo mustaqil tinch tashqi siyosat tarafdori bo‘lib kelgan va Markaziy Osiyoda hech qanaqa harbiy bazalarga ega emas”, — dedi u.
Sharhlar