Janubiy Koreya KXDR bilan harbiy bitimni to‘xtatib qo‘yadi
Janubiy Koreya Milliy xavfsizlik kengashi 2018-yilgi Koreyalararo harbiy kelishuv amal qilishini butunlay to‘xtatish haqidagi loyihani ko‘rib chiqadi, deb yozadi “Kommersant”. Loyihaga muvofiq, bitim Seul va Pxenyan o‘rtasidagi ishonch qayta tiklanmagunicha amal qilishdan to‘xtaydi.
Milliy xavfsizlik kengashi qonun loyihasini 4-iyun kungi majlisda ko‘rib chiqadi.
Koreyalararo bitim 2018-yil 19-sentabrda tuzilgan bo‘lib, harbiy sohadagi keskinlikni pasaytirish bo‘yicha chora-tadbirlarni, xususan, chegaradosh hududlarda bufer zonalari o‘rnatilishini ko‘zda tutadi. 2023-yil noyabrida Janubiy Koreya ushbu kelishuv shartlariga rioya qilishdan qisman voz kechishini e’lon qilgandi. Bunday qarorga KXDR tomobidan razvedkachi sun’iy yo‘ldoshlar uchirilgani sabab bo‘lgan.
31-may kuni Janubiy Koreya Birlashuv vazirligi Shimoliy Koreya provokatsiyalarni davom ettirsa, unga qarshi “juda og‘ir” choralar ko‘rishi haqida ogohlantirdi. Hukumat KXDRga qarshi chegara bo‘ylab karnaylar orqali eshittirishlar uzatish va Shimoliy Koreya rejimi tanqid qilingan varaqalar tarqatishni o‘z ichiga oluvchi “psixologik urush” olib borish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
28—29-may va 2-iyun kunlari KXDR Janubiy Koreyaga axlat va go‘ng ortilgan havo sharlarini yubordi. KXDR Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, mamlakat hududida Janubiy Koreyadan kelgan tashviqot materiallari topilganidan keyin shunday ishga qo‘l urilgan.
Sharhlar