Rossiya harbiy-havo kuchlariga yangi qo‘mondon tayinlandi
General-leytenant Sergey Kobilash Rossiya harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni, Havo-kosmik kuchlari bosh qo‘mondoni o‘rinbosari etib tayinlandi, deb yozadi Meduza.
U shu paytgacha uzoq aviatsiyaga qo‘mondonlik qilgan bo‘lib, endi esa bu lavozimga general=mayor Sergey Kuvaldin tainlangan.
Ukraina Xavfsizlik xizmati 2023-yilda Sergey Kobilashni Ukraina fuqarolik obyektlari o‘qqa tutilishiga aloqadorlikda ayblagan edi. Tergov talqiniga ko‘ra, general “Rossiya oliy harbiy-siyosiy rahbariyatining Ukraina shaharlarini yo‘q qilish bo‘yicha topshiriqlarini bajarib”, Ukraina hududidagi turar-joylar, kasalxonalar va muhim infratuzilma obyektlariga yoppasiga raketa zarbalari berishni buyurgan.
Ukraina hukumati Kobilashga mamlakat jinoyat kodeksining agressiv urush olib borish hamda Ukraina hududiy yaxlitligi va daxlsizligiga tajovuz qilish moddalari bo‘yicha sirtdan ayblovlar e’lon qilgan. Ushbu moddalar bo‘yicha maksimal jazo — umrbod qamoq jazosidir.
Sharhlar