AQSH Ukrainaga 275 mln dollarlik yangi harbiy yordam paketini ajratdi
AQSH Mudofaa vazirligi Ukrainaga 275 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini ajratishini e’lon qildi, deb yozadi Meduza.
“Bu paket — bizning Ukrainaga Rossiyaning Xarkov ostonalaridagi hujumlarini qaytarishda yordam ko‘rsatish bo‘yicha sa’y-harakatlarimizning bir qismi. U Ukrainani uning jang maydonidagi eng zarur ehtiyojlarini qondirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar bilan ta’minlaydi”, — deyiladi muassasa bayonotida.
Press-relizga muvofiq, ushbu paket tarkibiga, xususan, HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun o‘q-dorilar, artilleriya o‘qlari, Javelin va AT-4 tankka qarshi raketa majmualari, shuningdek, tankka qarshi minalar, ta’mirlash-evakuatsiya mashinalari, yuqori aniqlikdagi aviatsiya o‘q-dorilari, o‘qotar qurollar va boshqalar kirdi.
Rossiya qo‘shinlarining Xarkov viloyatiga hujumi 10-may kuni boshlandi. Bir necha kun ichida Rossiya harbiylari o‘ndan ortiq aholi punktlarini egallab oldi. Ularning olg‘a siljishi fonida ba’zi G‘arb OAVlari Ukraina AQSHga murojaat qilib, Rossiya hududidagi obyektlarga zarbalar berishda Amerika qurolidan foydalanishga ruxsat berishni so‘ragani haqida xabar berdi.
Sharhlar