Rossiya samolyoti bir kunda uch marta Yaponiya havo hududiga buzib kirdi
Yaponiyaning F-15 va F-35 qiruvchilari 23-sentabr kuni mamlakat havo hududiga buzib kirgan Rossiya harbiy razvedka samolyotiga qarata ogohlantirish maqsadida raketalar uchirdi, deb yozadi DW.
The Wall Street Journal qayd etishicha, bu Yaponiya mudofaasi tomonidan ogohlantiruvchi o‘t ochilishi bilan bog‘liq 1958-yildan buyon kuzatilgan birinchi holat bo‘lgan.
Yaponiya vazirlar mahkamasi bosh kotibi Yosimasa Xayasi ma’lum qilishicha, Rossiyaning Il-38 patrul samolyoti 23-sentabr kuni mahalliy vaqt bilan 13:00 va 16:00 oralig‘ida yapon arxipelagi shimolidagi Rebun oroli suvlari ustidan uchib o‘tib, uch marta Yaponiya havo hududiga buzib kirgan.
Xayasi qo‘shimcha qilishicha, Yaponiya ushbu hodisa munosabati bilan Rossiyaga “o‘ta qat’iy norozilik” bildirgan. Yaponiya samolyotlari Rossiya samolyotiga ikki marta ogohlantirish berib, ularning hududini tark etishni talab qilgan, signal raketalarini esa uchinchi ogohlantirishdan keyingina uchirgan. Rossiya Mudofaa vazirligi voqea yuzasidan izoh bergani yo‘q.
Sharhlar