KXDRning axlat ortilgan havo shari Janubiy Koreya prezidenti ofisiga uchib keldi
KXDRdan uchib kelgan havo shari Janubiy Koreya prezidenti ofisi hududiga qo‘ndi, deb xabar bermoqda Yonhap. Prezident xavfsizlik xizmati shar tarkibini o‘rganib chiqib, u kimyoviy, biologik yoki radiatsiyaviy xavf tug‘dirmasligini ma’lum qildi. Idora Janubiy Koreya qurolli kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi bilan birgalikda vaziyatni kuzatishda davom etayotganini qo‘shib qo‘ydi.
Janubiy koreyalik harbiylar 21-iyul kuni Shimoliy Koreya chegaradan yana axlat ortilgan havo sharlarini uchirgani haqida ogohlantirgan edi. Hukumat aholini yerga tushgan obyektlarga tegmaslikka va ular haqida huquq-tartibot organlariga yoki harbiylarga xabar berishga chaqirdi.
Avvalroq Seul KXDR bilan chegarada ovoz kuchaytirgichlar orqali eshittirishlarni qayta tiklagan, xalqaro yangiliklar, demokratiya va kapitalizm haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, K-pop janridagi musiqani uzatishni boshlagan edi. Janubiy Koreya tomoni ushbu choralarni Pxenyanning sharlardan foydalanib uyushtirayotgan “razil, sharmandali va beadab” aksiyalariga javob deb atadi.
Sharhlar