Qozog‘istonda jamoat joylarida hijobda yurishni taqiqlash masalasi ko‘rib chiqiladi
Qozog‘iston parlamentida jamoat joylarida diniy kiyimda yurishni taqiqlash masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu haqda Majlis deputati Yermurat Bapi ma’lum qildi, deb yozadi Tengrinews.
Deputatning so‘zlariga ko‘ra, diniy kiyim kiyishni taqiqlash masalasi jamoatchilik orasida pishib-yetilgan.
“Ayni paytda biz uchun eng muhim masala mamlakatimiz milliy manfaatlarini, milliy an’analarni, milliy madaniyatni saqlab qolish hisoblanadi. Agar hozirgi vaziyatga nazar soladigan bo‘lsak, jamiyatimizda qora kiyingan qozoqlar ko‘paydi. Bu vaziyat bizning kelajakdagi milliy manfaatlarimizga jiddiy xavf soladi”, — dedi Yermurat Bapi.
Uning ma’lum qilishicha, tegishli qonun loyihasi kelgusi sessiyada Parlamentga kiritiladi.
“Shu sababli, biz, bir guruh deputatlar, shunday qonun loyihasini tayyorladik. U kuzgi sessiyada Parlamentga taqdim etiladi. U qabul qilinganidan keyin jamoat orasida hijob, niqob va boshqa diniy kiyimlar masalasi hal bo‘ladi. O‘shanda biz, ehtimol, qandaydir qilib diniy kiyim masalasini tartibga sola olamiz”, — deya xulosa qildi u.
Sharhlar