Isroil armiyasi Bayrutga zarba berib, “Hizbullo” komandirini yo‘q qildi
Isroil Bayrut janubiga bergan zarba oqibatida “Hizbullo” harakatining yuqori mansabli komandiri Fuad Shukur halok bo‘lgan. Bu haqda Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) ma’lum qilgan. Ammo harakatning o‘zi bu bayonotga izoh berganicha yo‘q. Saxal ma’lumotlariga ko‘ra, Fuad Shukur “Hizbullo” bosh kotibi Hasan Nasrullaning “o‘ng qo‘li”, shuningdek, harbiy operatsiyalarni rejalashtirish va boshqarish bo‘yicha maslahatchi bo‘lgan.
“Saxal shuni e’lon qiladiki, razvedka ma’lumotlariga asoslangan maqsadli zarba oqibatida Isroil qiruvchilari “Hizbullo” terrorchilik tashkilotining eng yuqori mansabli komandiri va strategik bo‘linma rahbari Fuad Shukur yoki Said Muhsinni yo‘q qildi”, — deyiladi SAXAL xabarida.
30-iyul kuni Isroil armiyasi Livan poytaxti Bayrutga zarba berilgani haqida ma’lum qildi. Hujum nishoni “Hizbullo” komandiri bo‘lgan, SAXAL uni 27-iyul kuni Golan tepaliklariga berilgan zarbalar uchun javobgar qilgan edi. Hujum uchuvchisiz uchar qurilma yordamida amalga oshirilgan, u uchta raketani otgan. Kamida 68 kishi jabrlangan.
Sharhlar