Isroil Livan janubida “Hizbulloh”ning bir nechta qo‘mondonlari yo‘q qilinganini bildirdi
Isroil mudofaa armiyasi (SAXAL) Livanning “Hizbulloh” harakati raketa bo‘linmasi qo‘mondoni Muhammad Ali Ismoil va uning o‘rinbosari Husayn Ahmad Ismoil yo‘q qilinganini ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”. Ular bilan birga, SAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, Livan janubida raketa bo‘linmasining boshqa qo‘mondonlari ham o‘ldirilgan.
“Terrorchi Muhammad Ali Ismoil Isroil davlatiga qarshi ko‘plab terrorchilik harakatlari tashkil qilinishiga mas’ul bo‘lgan, shu jumladan, 25-sentabr, chorshanba kuni Isroil hududining o‘qqa tutilishi va mamlakat markaziy qismiga “yer-yer” sinfidagi raketa uchirilishiga javobgar bo‘lgan”, — deyiladi armiya matbuot xizmati xabarida.
Avvalroq SAXAL Isroil armiyasi Livan janubidagi Tir shahri yaqinida “Hizbulloh” harakatlanish obyektlariga zarbalar berayotganini ma’lum qilgandi. Isroil zarbalardan avval Bayrut janubidagi ikkita tuman aholisini zudlik bilan evakuatsiya qilishga chaqirgan edi. SAXAL ma’lumotlariga ko‘ra, u yerda Livan harakatining yer osti strategik obyektlari joylashgan.
Sharhlar