Zelenskiy: AQSHning qarori Ukrainani “ikkinchi Afg‘oniston”ga aylanishdan saqlab qoladi
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSH Kongressiga Kiyevga ko‘p milliardlik yangi yordam paketi haqidagi qaror uchun minnatdorlik bildirdi, deb yozadi DW.
“Ushbu yordam Ukrainani mustahkamlaydi va Kremlga u ikkinchi Afg‘onistonga aylanib qolmasligi haqida kuchli signal yuboradi”, — dedi Ukraina rahbari 21-aprel kuni Amerikaning NBC News telekanali efirida.
Shu tariqa AQSH Ukrainani qo‘llab-quvvatlaydi, uning fuqarolarini va butun dunyodagi demokratiyani himoya qiladi, deya ta’kidladi u. “Biz haqiqatan ham buni (Kiyevga yangi yordam ma’qullanishini) oxirigacha yetkazishimiz kerak, — dedi Zelenskiy. — Biz frontdagi askarlar uchun zarur yordamni iloji boricha tezroq qo‘lga kiritishni istaymiz. Olti oydan keyin emas”.
Ukraina prezidenti so‘zlariga ko‘ra, AQSH yangi yordam paketini ma’qullaganidan keyin Ukrainada jang maydonidagi vaziyatni barqarorlashtirib, tashabbusni o‘z qo‘liga olish imkoniyati paydo bo‘ladi, chunki Ukraina qurolli kuchlariga yangi qurol kerak.
“O‘ylaymanki, bu ko‘mak haqiqatan ham qurolli kuchlarni mustahkamlaydi va agar Ukraina haqiqatan ham bizga juda kerak bo‘lgan qurol-yarog‘ tizimlarini qo‘lga kiritsa, bizda g‘alaba uchun imkoniyat bo‘ladi”, — dedi u.
Sharhlar