Ukraina Rossiya ishtirokidagi ikkinchi tinchlik sammitini AQSHdagi saylovgacha o‘tkazmoqchi
Ukraina hukumati AQSHda prezident saylovlari bo‘lib o‘tadigan noyabr oyigacha tinchlik bo‘yicha ikkinchi jahon sammitini tashkillashtirmoqchi. Bu haqda Bloomberg o‘z manbalariga tayanib yozmoqda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, bu safar Ukraina Rossiya delegatsiyasini taklif qilishni rejalashtirmoqda.
G‘arb mamlakatlaridan anonim mansabdorlar qayd etishicha, bunday tadbir juda “aniq-ravshan maqsad va kutilmalar” bilan tashkil qilinishi kerak. Shu bilan birga, amerikalik rasmiy shaxslarning ba’zilari Rossiya va Ukraina ishtirokida sammit tashkil qilish imkoniyatiga shubha bilan qaragan.
Sammitni AQSHdagi prezident saylovigacha o‘tkazish zaruriyati Donald Trampning ehtimoliy g‘alabasi bilan bog‘liq. AQSH sobiq prezidenti saylovda g‘olib bo‘lgan taqdirda, Ukrainadagi nizoni 24 soat ichida tugatishga va’da bergan. OAVlar yozganidek, u Ukraina Rossiya bilan muzokaralardan bosh tortsa, unga harbiy yordamni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qilishni rejalashtirgan.
Tinchlik bo‘yicha birinchi sammit 15—16-iyun kunlari Shveysariyaning Byurgenshtok shahrida bo‘lib o‘tgan, unga Rossiya taklif etilmagan edi.
Sharhlar