Shveysariya TIV: Ukraina bo‘yicha ikkinchi tinchlik sammiti Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tishi mumkin
Shveysariya Tashqi ishlar vazirligi xalqaro xavfsizlik departamenti rahbari Gabriel Lyuxinger Ukraina bo‘yicha yangi tinchlik sammiti Yevropada bo‘lib o‘tmasligini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sammit o‘tkazilishi ehtimoli eng katta bo‘lgan joy Saudiya Arabistonidir. U, shuningdek, tadbirga Rossiyani ham jalb etish zarurligini ta’kidladi.
“Albatta, Shveysariyaning Rossiya bilan aloqalari bor. Biz bu jarayonni hoziroq boshlash uchun asos yaratdik. Rossiyani qandaydir tarzda integratsiya qilish kerakligi mutlaqo Ravshan”, — dedi Lyuxinger.
Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan sammitda Xitoy ishtirok etmaganini muvaffaqiyatsizlik deb hisoblash mumkin. Diplomatning shaxsan o‘zi Xitoy bilan aloqada bo‘lib turgan va uning ishtirokini ta’minlashga uringan. “Xitoysiz yechim yo‘q. Byurgenshtokka uni olib kelolmaganimizdan shaxsan o‘zimning ham hafsalam juda pir bo‘ldi. Bu muvaffaqiyatsizlik”, — deya xulosa qildi u.
Avvalroq Shveysariya TIVning kommunikatsiyalar bo‘limi boshlig‘i Nikolya Bido Ukraina bo‘yicha yangi sammit AQSHda noyabrdagi prezident saylovlarigacha bo‘lib o‘tishi mumkinligini aytgandi.
Ukraina bo‘yicha birinchi tinchlik sammiti 15—16-iyun kunlari Shveysariyaning Byurgenshtok shahrida bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunlari bo‘yicha 80 ta mamlakat va 4 ta tashkilot tomonidan imzolangan kommyunike e’lon qilindi.
Sharhlar