Rossiya Mudofaa vazirligi Ukrainadagi ikkita qishloq egallanganini ma’lum qildi
Rossiya Mudofaa vazirligi xabar qilishicha, Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Lugansk viloyatidagi Rozovka va Xarkov viloyatidagi Peschanoye qishloqlarini egallab olgan, deb yozadi DW.
Rossiya Mudofaa vazirligi vakili 21-iyul kungi brifingda Ukrainaning ikkita qishlog‘i nazorat ostiga olinganini ma’lum qildi. Rossiya harbiylari Luganskdagi Rozovkani egallagan. Gap Svatov tumanida joylashgan va 2016-yilgacha Rozovka deb atalgan Andreyevka qishlog‘i haqida bormoqda. 2001-yildagi ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, aholi punktida 17 kishi yashagan.
Rossiya Mudofaa vazirligi, shuningdek, harbiylar Xarkov viloyatidagi Peschanoye Nijneye aholi punktini ham egallagan. Gap Chuguyev tumanidagi Peschanoye qishlog‘i haqida bormoqda. 2001-yildagi ma’lumotlarga qaraganda, u yerda 79 kishi yashagan. Ukrainalik harbiy muxbir Bogdan Miroshnikov ham Rossiya Qurolli kuchlari Peschanoyeni bosib olganini ma’lum qildi.
Ukraina qurolli kuchlari ikkita aholi punkti qo‘ldan boy berilgani haqida xabar qilmagan. Ukraina Mudofaa vazirligiga yaqin bo‘lgan DeepState OSINT-loyihasi 21-iyulga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Peschanoye va Andreyevka yaqinida olg‘a siljigani haqida yozgandi.
Sharhlar