Rossiya Ukrainaga Il-76 samolyoti qulashi oqibatida halok bo‘lganlarning jasadlarini topshirishga tayyor
Ukraina Belgorod viloyatida Il-76 samolyoti qulashi oqibatida halok bo‘lganlarning jasadlari berilishi masalasida Rossiya vakillariga murojaat qilgan. Bu haqda Rossiyaning inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova ma’lum qildi.
“Rossiya tomoni jasadlarni berishga tayyormi-yo‘qmi — shu masalada suhbat bo‘ldi”, — dedi ombudsmen.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni halok bo‘lganlarning jasadlarini berishga tayyor.
“Ha, tayyormiz, buning uchun protsedura nuqtai nazaridan barcha zarur narsalar bor… Jasadlar mavjud protseduralarga muvofiq topshiriladi”, — deya qo‘shib qo‘ydi Moskalkova.
Ombudsmen Oliy Rada vakili Dmitriy Lubins bilan aloqada bo‘lib turganini aytdi. Uning da’vo qilishicha, Rossiya tomonida samolyot qulashi oqibatida halok bo‘lganlarning “shaxsini aniqlash imkonini beruvchi dalillar va DNKlar bor”.
Il-76 harbiy-transport samolyoti 24 yanvar kuni ertalab Belgorod viloyatida halokatga uchragan edi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bortda 74 kishi bo‘lgan, ularning 65 nafari Ukraina qurolli kuchlarining asirdagi harbiylaridir. Belgorod gubernatori Vyacheslav Gladkov ularning barchasi halok bo‘lganini bildirdi.
Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lumotlari bo‘yicha, samolyot Xarkov viloyatining Lipsi aholi punkti hududidan zenit-raketa majmuasi yordamida hujumga uchragan. Rossiya TIV hodisani terakt deb atadi va javobgarlikni Ukrainaga yukladi. Davlat dumasining mudofaa bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Andrey Kartapolov ma’lum qilishicha, 24 yanvar kuni Rossiya va Ukraina o‘rtasida “192 ga 192” formulasi bo‘yicha asirlar bilan ayirboshlash bo‘lib o‘tishi kerak edi: Il-76 da 65 kishi bo‘lgan, qolganlar ikkinchi samolyotda yuborilgan, ammo u halokatdan keyin ortga qaytarilgan; uning fikricha, Il-76 Ukraina tomonidan “bu ayirboshlashuvni yo‘qqa chiqarib, so‘ng bunda Rossiyani ayblash uchun” urib tushirilgan.
Ukraina harbiy razvedkasi 24 yanvarga asirlar almashinuvi belgilanganini tasdiqladi. Ammo Ukraina asirlar qaysi yo‘nalish bilan va qay tarzda yetkazilishi haqida xabardor qilinmagan, shuningdek, Belgorod havo hududida xavfsizlikni ta’minlash zarurligi haqida ogohlantirilmagan, “avvallari esa bir necha marta shunday qilingan”. Ukraina xavfsizlik xizmati “urush qonunlari va odatlari buzilishi” haqidagi modda bo‘yicha jinoyat ishi ochdi.
Keyinroq Ukraina Milliy xavfsizlik va mudofaa kengashi Il-76 samolyotida harbiy asirlar bo‘lmaganini ma’lum qildi.
Sharhlar