Ilon Mask cybercab uchuvchisiz taksi va robovan avtobusini taqdim etdi
Tesla kompaniyasi o‘zining yangi uchuvchisiz transportini – Cybercab robotaksi va Robovan robofurgonini taqdim etdi. Kompaniya rahbari Ilon Mask ishlanmalar 2027 yilga kelib yo‘llarda paydo bo‘lishini va narxi 30 ming dollardan oshmasligini ma’lum qildi. Shuningdek, kompaniya maishiy vazifalarni bajara oladigan Optimus robot-gumanoidlarini namoyish etdi.
Mask payshanba kuni, 10 oktyabr oqshomida Kaliforniyadagi Warner Bros gollivud studiyasida taqdimotni shaxsan o‘tkazdi, u kompaniyaning veb-sayti va X ijtimoiy tarmog‘idagi Tesla sahifasida translyatsiya qilindi. Tadbirkor sahnaga Tesla “kibertaksi”laridan birida kelib, tomoshabinlarga bu shinam avtomobillarda rul yoki pedallar yo‘qligini aytdi, deb xabar beradi Associated Press.
Cybercab sun’iy intellekt tomonidan boshqariladi va induktiv (kabelsiz ishlaydigan) zaryadlovchi qurilmalar bilan jihozlangan.
Mask shuningdek, kompaniyaning mashinalarni inson aralashuvisiz haydash imkonini beruvchi avtonom haydash texnologiyasidagi taraqqiyotiga ishonch bildirdi.
“Biz nazorat qilinadigan to‘liq avtonom haydashdan nazorat qilinmaydigan to‘liq avtonom haydashga o‘tamiz. Qachonki siz uxlab qolishingiz va manzilga yetib kelganingizda uyg‘onishingiz mumkin bo‘ladi. Bu shonli kelajak bo‘ladi”, – dedi milliarder.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Tesla’da Cybercab’ning narxi 30 ming dollardan kam bo‘lishini kutishmoqda.
U avtomobillar “2027-yilgacha” mavjud bo‘lishini hisoblab chiqdi.
Tesla shuningdek, to‘liq avtonom haydash texnologiyasini 2025 yilda Texas va Kaliforniyada o‘zining ommabop Model 3 va Model Y avtomobillarida foydalanish mumkin qilishni rejalashtirmoqda.
Ilon Mask shuningdek, 20 tagacha yo‘lovchini tashiy oladigan uchuvchisiz avtobus Robovan’ni namoyish etdi.
Bundan tashqari, Tesla taqdimotida maishiy vazifalarni bajara oladigan yangilangan Optimus robot-gumanoidlarini, shuningdek, ular kundalik ishlar ya’ni posilkalarni tashish va o‘simliklarni sug‘orish bilan band bo‘lgan videoni ko‘rsatdi.
Robotlar tashrif buyuruvchilardan bir necha metr narida yurdi, so‘ngra futuristik ravonda raqs harakatlarini namoyish etdi.
Maskning baholashicha, Optimus’ning narxi 28-30 ming dollarni tashkil etadi. Boshqa narsalar qatori, ular bolalarga qarash, gazon o‘rish, oziq-ovqat keltirish qobiliyatiga ega bo‘ladi.
“Optimus’lar sizning orangizda yuradi. Siz ularga yaqinlashishingiz mumkin bo‘ladi va ular sizga ichimlik quyib beradi”, – deb yakunladi Mask.
Sharhlar