Apple kompaniyasi iPhone 16 smartfonlarini taqdim etdi

Foto: Apple

Apple kompaniyasi o‘zining kuzgi taqdimotida yangi iPhone 16 smartfonlari lineykasini taqdim etdi, deb yozadi Meduza.

Yangi smartfon bosim darajasi datchigi bo‘lgan Capture Button sensorli tasvirga olish tugmasi bilan jihozlangan. Unga yengil tegish orqali fokus va ekspozitsiya bloklanadi, u bosilsa, suratga olinadi. Shuningdek, iPhone 16 da Action Button tugmasi ham bo‘lib, u bir yil avval Pro-versiyalarga qo‘shilgan edi.

iPhone 16 ga Apple Intelligence sun’iy intellekti integratsiya qilindi. U, xususan, Siri ovozli yordamchisi bilan yanada qulay muloqot uchun foydalaniladi. Masalan, undan muayyan fotosuratlarni do‘stlaringizga yuborishni so‘rashingiz mumkin. “Erikaga shanba kungi barbekyu fotolarini yubor”, desangiz, suratlarni topib, shu zahoti yuborib qo‘yadi”, — deya misol keltirdi Apple’ning dasturiy ta’minot ishlab chiqish bo‘yicha katta vitse-prezidenti Kreyg Federigi. Shuningdek, Siri teleshou va musiqiy tavsiyalar haqida eslatish uchun xabarlar ichida ma’lumotlarni topa oladi.

Bundan tashqari, yangi iPhone 16 foydalanuvchilarga atrofdagi narsalar haqida ma’lumot olish imkonini beradi — buning uchun ularga kamerani qaratish kifoya. Bunday “vizual intellekt”dan restoran haqida fikrlarni o‘qish, itlar zotini aniqlash yoki sayyohlik manzillari haqida ma’lumot olishda foydalanish mumkin.

iPhone 16 ekranining diagonali 6,1 dyuymga, Plus modellariniki esa 6,7 dyuymga teng. iPhone 16 ga uch nanometrli protsessorga ega yangi A18 chipi o‘rnatiladi, u avvalgi iPhone 15 protsessoridan 30 foizga tezroq ishlaydi. Yangi iPhone 16 narxi 799 dollardan, iPhone 16 Plus’niki esa 899 dollardan boshlanadi.

Apple shuningdek, iPhone 16 Pro lineykasini ham taqdim etdi. Ularning ekranlari avvalgi versiyalardan kattalashgan bo‘lib, iPhone 16 Pro 6,3 dyuym, Pro Max esa 6,9 dyuymlidir. Ular to‘rt xil — qora, oq, kumushrang va yangicha “sahro titani” rangida chiqariladi. Apple ta’kidlashicha, iPhone 16 Pro’ning avtonom ishlash vaqti uning barcha smartfonlari ichida eng davomiysi bo‘ladi. iPhone 16 Pro narxi 999 dollar, Pro Max narxi esa 1199 dollardan boshlanadi. Smartfonlar 20-sentabrdan sotila boshlaydi.

Taqdimotda yangi Watch Series 10 soati va AirPods 4 naushniklari ham namoyish etildi. Soat eng ingichka korpus (9,7 mm) va eng katta displeyga ega. Soat narxi 399 dollardan boshlanadi.

Yangi AirPods shakli biroz o‘zgargan bo‘lib, eshitish sifati oshishi uchun yangilangan chip o‘rnatilgan. Naushnik ikki xil modelda chiqariladi. Narxi 129 dollardan boshlanadi.

If you have found a spelling error, please, notify us by selecting that text and pressing Ctrl+Enter.