Sud Trampga nisbatan maxfiy hujjatlarni noqonuniy saqlaganlik haqidagi ishni yopdi
Florida federal okrugi sudi AQSH sobiq prezidenti Donald Trampga nisbatan maxfiy hujjatlar bilan nomuvofiq ishlash haqidagi ishni yopdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda.
Sudya buni Trampning ishi bo‘yicha maxsus prokuror Jek Smitning tayinlanishi AQSH Konstitutsiyasiga zid bo‘lgani bilan asosladi. Gap protsessual asos haqida bormoqda, ya’ni sudya Trampning harakatlarini baholagani yo‘q.
Avvalroq Trampning advokatlari Smitning tayinlanishini siyosiy maqsadga ega deb atagan va u sobiq prezidentga nisbatan xolis emasligini ta’kidlagan edi. Sud qaror chiqarayotib, Smitning faoliyati qonunning ruxsatisiz g‘aznachilik mablag‘laridan moliyalashtirilganini aytdi.
Donald Tramp sud qarorini izohlar ekan, undan qolgan ayblovlarni olib tashlashga va “jodugarlar ovini bas qilish”ga chaqirdi. Tramp, shuningdek, pornoaktrisa Stormi Deniyelsning og‘zini yumish uchun unga pul to‘lashda moliyaviy hujjatlarni qalbakilashtirganlikda va 2021-yil boshida Kapitoliyga qilingan hujum haqidagi ish bo‘yicha ham ayblanmoqda.
2022-yil avgustida FQB Trampning Mar-a-Lago qarorgohida tintuv o‘tkazib, u yerda mamlakat mudofaasiga aloqador maxfiy hujjatlarni aniqlagan edi. Sobiq prezident o‘z lavozimini tark etayotgan vaqtda ularni Oq uydan olib ketgan bo‘lishi mumkin, ammo Tramp o‘z aybini inkor etmoqda.
Sharhlar