“Putinistan” kitobini yozgan ispaniyalik muxbir Rossiyadan quvib yuborildi
Ispaniyaning El Mundo gazetasi muxbiri Xavyer Kolasga viza berishni rad etishib, uni Rossiyadan chiqarib yuborishdi, deb yozadi Meduza.
19-mart kuni kechqurun jurnalist allaqanday rossiyalik mansabdordan bir kecha-kunduz ichida mamlakatni tark etish talabini olgan. Jurnalistning vizasini uzaytirmaslik qarori nima bilan bog‘liq bo‘lgani haqida ma’lumot berilmayapti. Ertasi kuni Xavyer Kolas Rossiyani tark etgan.
El Mundo gazetasi tahririyati ma’lum qilishicha, bir necha oy avval Kolasning Moskvadagi kvartirasiga politsiyachilar kelib, uni safarbar qilingan rossiyaliklar rafiqalari ishtirokidagi aksiyalarni yoritishni to‘xtatish haqida ogohlantirgan.
Xavyer Kolas Rossiyada 12 yil mobaynida yashagan. U Kiyevdagi Maydonda yuz bergan voqealarni ham yoritgan, so‘ng QArim va Donbassga borgan. To‘liq ko‘lamli urush boshlangan vaqtida u Kiyevda bo‘lgan, u yerda turib, Ispaniya OAVlari uchun Rossiya istilosining ilk kunlari haqida reportajlar tayyorlagan.
2024-yil fevralida Kolas zamonaviy Rossiyaga bag‘ishlangan “Putinistan” kitobini chiqargan. Unda urushni “Putinning loyihasiga mos kelmagan Ukrainani yo‘q qilish bo‘yicha salb yurishi” deb atagan.
Sharhlar